Pensiyani qayta hisoblash uchun asoslar

Pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos paydo bo’lgan taqdirda pensiyaning tayinlangan turi miqdorini qayta hisoblab chiqish to’g’risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Tayinlangan pensiyalarni qayta hisoblash uchun asos bo’lib quyidagi holatlar xizmat qiladi:

a) pensioner pensiya miqdoriga ta’sir ko’rsatuvchi (pensiya tayinlanishigacha bo’lgan ish staji va ish haqi to’g’risidagi hamda boshqa) qo’shimcha hujjatlarni taqdim etgan taqdirda;

b) nogironlik guruhi o’zgarganda;

v) boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi oladigan oila a’zolari soni o’zgarganda;

g) pensiyaga ustama uchun huquq paydo bo’lganda;

d) eng kam oylik ish haqi miqdorlari o’zgargan taqdirda;

e) daromadlar indekstsiya qilingan taqdirda.

Ish haqiga mintaqaviy koefftsientlar belgilangan tumanlarda (shaharlarda) ishlagan shaxsga pensiyalarni qayta hisoblashda mintaqaviy koeffitsient hisobga olingan holda hisoblab chiqilgan amaldagi ish haqi hisobga olinadi.

Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun qayta hisoblab chiqish huquqi paydo bo’lgandan keyin istalgan vaqtda murojaat qilishlari mumkin.

Pensiya miqdorini qayta hisoblash to’g’risidagi ariza pensioner yashaydigan joy bo’yicha Pensiya jamg’armasi bo’limiga beriladi.

Oilaning voyaga etmagan a’zosi (boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi) yoki belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxsning nomidan pensiya miqdorini qayta hisoblash to’g’risidagi ariza uning ota-onasi yoki qonuniy vakili yashaydigan joy bo’yicha Pensiya jamg’armasi bo’limiga berilishi mumkin.

Pensiya jamg’armasi bo’limi pensiya miqdorini qayta hisoblash to’g’risidagi masalani shaxs tegishli ariza bilan murojaat qilganda ko’rib chiqadi.

Pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan pensionerning arizasiga zarur hujjatlar ilova qilinishi kerak.

Quyidagi hollarda pensiya miqdorini qayta hisoblash to’g’risida ariza berish talab qilinmaydi:

  • qonun hujjatlariga muvofiq eng kam oylik ish haqining miqdori o’zgarganda;
  • tayinlangan pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda;
  • oilaning 16 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan a’zolaridan biri ta’lim muassasasidan berilgan uning o’quvchi ekanligi haqidagi ma’lumotnomani taqdim etgan taqdirda boquvchisini yo’qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari soni o’zgarganda;
  • nogironlik guruhi o’zgarganda.

Pensiya miqdorini qayta hisoblash to’g’risidagi ariza Pensiya jamg’armasi bo’limi tomonidan besh kun muddatda ko’rib chiqiladi.

Pensiya miqdorini qayta hisoblash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamg’armasi bo’limi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibini ko’rsatgan holda pensionerga rad etish to’g’risidagi bildirishnomani berishi yoki yuborishi hamda ayni bir vaqtda taqdim etilgan hujjatlarni hujjatlar olinganligi to’g’risidagi tilxat bilan pensionerning qo’liga qaytarishi shart.

Pensiya miqdorini qayta hisoblash to’g’risida komissiya tomonidan qaror qabul qilingandan keyin pensiya miqdorini qayta hisoblash pensioner barcha zarur hujjatlar bilan birga tegishli ariza bilan murojaat qilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi. Ish haqining eng kam miqdori o’zgargan taqdirda pensiya miqdorini qayta hisoblash ish haqining miqdori o’zgarishi uchun asos bo’lgan normativ-huquqiy hujjatda ko’rsatilgan sanadan boshlab amalga oshiriladi.

Pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda (boquvchisini yo’qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari soni o’zgarishi, nogironlik guruhining o’zgarishi) qayta hisoblash ushbu holatlar boshlangan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.

Ish staji va pensiya tayinlangandan keyin ega bo’lingan (olingan) ish haqi hisobga olingan holda pensiya miqdorini qayta hisoblash amalga oshirilmaydi.

Umumiy belgilangan yosh kamaytirilgan holda yoshga doir pensiya tayinlangan shaxsga u umumiy belgilangan yoshga to’lganligi munosabati bilan pensiya miqdori qayta hisoblab chiqilmaydi.

Ilgari boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi tayinlangan bolaga ikkinchi ota-onaning vafoti munosabati bilan pensiya miqdorini ikkinchi boquvchining pensiya miqdoriga ta’sir ko’rsatadigan ish staji va ish haqini hisobga olgan holda qayta hisoblab chiqish pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun murojaat qilingan vaqtda amalda bo’lgan qonun hujjatlariga muvofiq pensiyani hisoblash tartibi qo’llangan holda amalga oshiriladi.

Pensioner tomonidan pensiya tayinlangungacha ega bo’lingan ish staji va ish haqi to’g’risidagi qo’shimcha hujjatlarning taqdim etilishi munosabati bilan pensiyani qayta hisoblab chiqishda qayta hisoblash vaqtida amalda bo’lgan ish staji va ish haqini aniqlash tartibi qo’llanadi, bunda pensiyani qayta hisoblash uchun o’rtacha oylik ish haqi to’lanadigan pensiyani tayinlashdan oldingi ishning oxirgi o’n yilidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Pensiya miqdorini qayta hisoblash ish haqining yakka tartibdagi koefftsienti qo’llangan holda amalga oshiriladi.




Tez-tez beriladigan savollar