Aholining muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish – davlatimiz siyosatining bosh maqsadi!

Azal-azaldan nonni e’zozlash va uni isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik xalqimizga xos bo‘lgan asosiy fazilatlardan biri bo‘lib, bu udum avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.  

Biroq, keyingi yillarda xalqimizni ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida un va non mahsulotlari narxini  oshirilmasdan ushlab turilishi va ushbu sohada bozor munosabatlarini to‘liq joriy etilmaganligi o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsata boshladi. 

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasida qolipli nonning narxi 2014 yildan buyon 650 so‘m miqdorida yoki 0,08 AQSH doll. miqdorida belgilangan. Bu narxlar Qozog‘iston Respublikasida 0,32 AQSH doll. yoki 2 528 so‘mni, Rossiya Federatsiyasida 0,28 AQSH doll. yoki 2 212 so‘mni, Qirg‘iziston Respublikasida 0,29 AQSH doll. yoki 2 291 so‘mni, Tojikiston Respublikasida 0,50 AQSH doll. yoki 3 950 so‘mni tashkil etmoqda. 

Shuningdek, bug‘doy uni narxi xam boshqa qo‘shni mamlakatlar bilan solishtirilganda ancha pastligini ko‘rishimiz mumkin.Jumladan, 1 kilogramm unni narxi Qozog‘iston Respublikasida 0,47 AQSH doll. yoki 3 713 so‘m, Rossiya Federatsiyasida 0,36 AQSH doll. yoki 2 844 so‘m, Qirg‘iziston Respublikasida 0,49 AQSH doll. yoki 3 871 so‘m, Tojikiston Respublikasida 0,58 AQSH doll. yoki 4 582 so‘m bo‘lgan bir vaqtda mamlakatimizda 0,14 AQSH doll. yoki 1 120 so‘mni tashkil etmoqda. 

Jumladan, donni qayta ishlovchi korxonalarni zarar bilan ishlashiga, ularning moliyaviy holatini yomonlashuviga olib kelishi bilan bir vaqtda, nonni isrof qilish, qolipli nonning narxi unga qilingan xarajatlarni qoplamasligi natijasida sifatini buzilishi va hattoki, chorva mollariga ozuqa em sifatida edirish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yila boshlandi.  

Shuningdek, un va qolipli nonni narxini ancha vaqtdan buyon  pasaytirilgan narxlarda ushlab turilishi bozor iqtisodiyoti talablariga ham mutlaqo mos kelmay qoldi.

Iqtisodiyot tarmoqlarida raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish, aholini don, un va non bilan ishonchli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentyabrdagi “Mamlakatimiz axolisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qolipli nonni iste’mol qiluvchi aholining asosiy qismi pensiya va nafaqa oluvchilar 
bo‘lganligini inobatga olgan holda mazkur toifadagi shaxslarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq va manzilli himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida, un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiyalar to‘lash mexanizmi joriy qilinmoqda.

Jumladan, 974765 (jami pensiya va nafaqa oluvchilarning
qariyb 30 foizi) nafar pensiya va nafaqa oluvchilarga 2018 yilning
1 oktyabridan boshlab eng kam oylik ish haqining 10 foizi (18430 so‘m) miqdorida kompensatsiya tayinlanishi va to‘lanishi belgilandi.

Xususan, kompensatsiya:

a) 35 260 nafar yoshga doir va nogironlik nafaqalarini oluvchilariga har oyda - 650 mln. so‘m miqdorida;

b) 276 244 nafar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilariga (har bir boqimandaga) har oyda – 5,1 mlrd. so‘m miqdorida;

Misol uchun: 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab boquvchisini yo‘qotgan 2 nafar bolaning 650 000 so‘m miqdoridagi pensiyasiga 36 860 so‘m (ya’ni, har bir bola uchun 18 430 so‘m) miqdorida kompensatsiya puli ko‘shib to‘lanadi.

v) 145 818 nafar bolaligidan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta nafaqa oluvchi shaxslarga har oyda – 2,7 mlrd. so‘m miqdorida;

g) 97 886 nafar nogiron bo‘lgan 16 yoshgacha nafaqa oluvchi bolalarga har oyda – 1,8 mlrd. so‘m miqdorida;

d) 419 555 nafar yoshga doir pensiyaning belgilangan eng kam miqdoridan kam pensiya va nafaqa oluvchilarga har oyda – 7,7 mlrd. so‘m miqdorida to‘lanadi.

Umuman olganda, ushbu maqsad uchun oyiga qariyb 18 mlrd. so‘m kompensatsiya puli pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Bu esa, o‘z navbatida, aholimizning muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan pensiya va nafaqa oluvchilarni moddiy ahvolini yomonlashuviga olib kelishini oldini olish bilan bir qatorda, ularning ijtimoiy himoyasini ham ta’minlaydi.




Tez-tez beriladigan savollar