Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblab chiqarish va to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari

Yagona ijtimoiy to‘lov soliq solinadigan bazadan hamda belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda har oyda hisoblab chiqariladi.

Yagona ijtimoiy to‘lov ish beruvchining va ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun yagona ijtimoiy to‘lov soliq to‘lovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar majburiy tartibda quyidagicha to‘lanadi:
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — oyiga eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda;

2) yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan (bundan buyon matnda yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari deb yuritiladi) — oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida;

3) yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari tomonidan:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosi tomonidan
— oyiga eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda;
oilaning boshqa a’zolari tomonidan (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlar bundan mustasno) — oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida.

4) qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandchilik sub’ektlari — «Hunarmand» uyushmasining a’zolari tomonidan – o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida;

5) «Usta-shogird» maktabi o‘quvchilari tomonidan ularning 25 yoshga to‘lguniga qadar bo‘lgan ish davrida — yiliga eng kam oylik ish haqining 2,5 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda. Belgilangan miqdordagi yagona ijtimoiy to‘lovning to‘lanishi mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.

Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklarining a’zolari, shuningdek maydoni to‘rt sotixdan kam bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida, tomorqa erida band bo‘lgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud 50 boshdan kam bo‘lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar yiliga eng kam oylik ish haqining kamida bir baravari miqdorida yagona ijtimoiy to‘lov to‘laydi. Bunda dehqon xo‘jaligi rahbari yagona ijtimoiy to‘lovni majburiy tartibda to‘laydi, boshqa a’zolari va ko‘rsatilgan jismoniy shaxslar esa ixtiyoriy asosda to‘laydi. Belgilangan miqdordagi yagona ijtimoiy to‘lovning to‘lanishi dehqon xo‘jaligi a’zosining va jismoniy shaxsning mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.

Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandchilik sub’ektlari — «Hunarmand» uyushmasining a’zolari Yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan ozod etiladi, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironi bo‘lgan shaxslar uchun esa yagona ijtimoiy to‘lovning miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. Mazkur imtiyozlar pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi. Imtiyozga bo‘lgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan yoki bekor bo‘lgan taqdirda, yagona ijtimoiy to‘lovni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan yoki bekor bo‘lgan oydan e’tiboran amalga oshiriladi.

Yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash quyidagicha amalga oshiriladi:
ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan — har oyda, tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning 25-kunidan kechiktirmay;
yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklarining a’zolari tomonidan — hisobot yilining 1 oktyabrigacha. Bunda yagona ijtimoiy to‘lovning miqdori to‘lov kuniga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.

Yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari tomonidan Yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi.

Yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash majburiyati quyidagilarning:
yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshirayotgan oila a’zolari uchun — oilaviy tadbirkorlik sub’ekti nomidan ish yuritadigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosining;

yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari uchun — ushbu xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzgan yakka tartibdagi tadbirkorning zimmasiga yuklatiladi.

To‘lov topshiriqnomasida (kirim orderida) soliq to‘lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami va to‘lov to‘lanayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Bunda oila a’zolari — oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari va xodim yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘yicha to‘lov topshiriqnomasi (kirim orderi) har bir oila a’zosi uchun va yakka tartibdagi tadbirkorning har bir yollangan xodimi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar to‘lov topshiriqnomasida (kirim orderida) davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy (dehqon xo‘jaliklari a’zolari uchun — yil) uchun to‘langan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash bo‘yicha majburiyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining zimmasiga yuklatiladi. Yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash Soliq Kodeksning 310-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati Soliq Kodeksning 373-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda vaqtinchalik to‘xtatilganligi to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlari tomonidan olingan axborot yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan olingan har bir yollangan xodim uchun belgilangan tartibda berilgan hisobga olish kartochkalari yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimiga yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.

Agar faoliyatini to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkor yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimi uchun hisobga olish kartochkasini davlat soliq xizmati organiga belgilangan muddatlarda taqdim etmasa, yakka tartibdagi tadbirkorning majburiyatlari bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblash to‘xtatilmaydi.




Tez-tez beriladigan savollar