Dehqon xo’jaligi a’zolariga

Dehqon xo’jaligi a’zolari (qoramol boqish va chorvachilik mahsulotlari etishtirish bilan band bo’lgan dehqon xo’jaliklari a’zolari bundan mustasno) ixtiyoriylik asosida ijtimoiy sug’urta qilinadi.

Ijtimoiy sug’urtalanish xohishini bildirgan dehqon xo’jaligi a’zosi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga badal to’lovchi sifatida davlat soliq xizmati organlarida belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tishi shart.

Dehqon xo’jaligi a’zosi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lagan taqdirda «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq pensiya bilan ta’minlanish huquqiga ega bo’ladi.

Dehqon xo’jaligi a’zosining pensiya olishga bo’lgan huquqi u pensiya yoshiga to’lganda yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda boshlanadi.

Ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqa, agar ushbu nafaqani olish huquqi dehqon xo’jaligi a’zosi tomonidan byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lash davrida boshlangan bo’lsa beriladi.

Dehqon xo’jaligi a’zosi o’zidagi mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan ta’minlanish va ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqaning o’zi istaydigan miqdoridan kelib chiqib byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari miqdorini mustaqil ravishda belgilaydi.

Tayinlanadigan pensiya, shuningdek ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqa miqdori byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga to’lanadigan sug’urta badallari miqdoriga hamda dehqon xo’jaligi a’zosining mehnat stajiga bog’liq bo’ladi.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga to’lanadigan sug’urta badallarining eng kam miqdori bir yilda eng kam oylik ish haqining to’rt yarim barobaridan kam bo’lmagan miqdorni tashkil etishi kerak.

Sug’urta badallari hisobot yilining 1 oktyabriga qadar to’lanadi. Bunda sug’urta badallari miqdori to’lov kuniga belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Dehqon xo’jaligi a’zosining mehnat stajiga u byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lagan davrlar kiritiladi.

Pensiya va davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar tayinlash uchun mehnat stajini hisoblab chiqishda, agar dehqon xo’jaligi a’zosi ushbu yilda 12 oy ishlagan va kamida 9 oy badal to’lagan bo’lsa, stajga kalendar yil qo’shiladi.

Boshqa hollarda staj sug’urta badallari to’langan oylar soniga mutanosib tarzda hisobga olinadi.

Dehqon xo’jaligi a’zosining vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lanishidan qat’i nazar pensiya va davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar tayinlash uchun mehnat stajiga qo’shiladi.

Dehqon xo’jaligi a’zosi tomonidan sug’urta badallari to’lanishi va uning qancha davom etganligi guvohlik ko’rsatmalari bilan tasdiqlanmaydi.

Pensiya miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan aniq bir oy uchun dehqon xo’jaligi a’zosining daromadi to’langan oylik sug’urta badali summasini ish beruvchilar va xodimlar uchun sug’urta badallari ajratishning qonun hujjatlarida belgilangan jami foiziga bo’lish va olingan natijani 100 ga ko’paytirish yo’li bilan aniqlanadi.

Pensiya va ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqa dehqon xo’jaligi a’zosining yashash joyidagi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limlari tomonidan amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tayinlanadi.

Tez-tez beriladigan savollar