Ish stajini aniqlash tartibi

1. Pensiya hisoblab chiqish uchun quyidagilar ish stajiga qo’shib hisoblanadi:

a) faoliyat turi, mulk va xo’jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug’urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lagan bo’lsa.

1965 yildan keyingi davr uchun jamoa xo’jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo’jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko’ra jamoa xo’jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo’lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi.

Ijodiy faoliyat bilan mashg’ul xodimlarning ish stajini, basharti ular O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lagan bo’lsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari ana shu muallifning asari e’lon qilingan yoki birinchi marta jamoat oldida ijro yoki namoyish etilgan kundan e’tiboran belgilaydilar;

b) harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda qo’shilmalarida bo’lish, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish;

v) idoraviy bo’ysunuvidan qat’i nazar, harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va tog’-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;

g) yakka tartibdagi mehnat faoliyati, shu jumladan yakka (guruhli) ijara sharoitidagi yoki shaxsiy yordamchi, dehqon (fermer) xo’jaligidagi faoliyat-O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’langan taqdirda;

d) I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha bo’lgan nogiron bolaga, shuningdek o’zgalarning parvarishiga muhtoj bo’lgan (davolash muassasasining xulosasiga ko’ra) 80 yoshga to’lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt;

e) oliy ta’lim muassasalarida, aspiranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi o’qish, shu jumladan chet elda o’qish;

j) bola 3 yoshga to’lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo’lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko’pi bilan 3 yil;

z) oftserlar tarkibidan bo’lgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo’lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, lekin 10 yildan oshmagan davr;

Mazkur moddaning «d» — «i» bandlarida nazarda tutilgan davrlar ushbu moddaning «a» — «g» bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi

Nogiron bo’lib qolgan shaxslar stajiga “e”-“z” bandlarda nazarda tutilgan davrlar ushbu moddaning “a”-“g” bandlarida ko’rsatib o’tilgan staj muddatidan qat’iy nazar qo’shiladi.

Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida I va II-guruh nogironligida bo’lingan vaqt yoshga doir yoki boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo’shib hisoblanadi.

YOshga doir pensiya tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt pensiyani hisoblab chiqarish uchun stajga qo’shib hisoblanmaydi.

Agar “a” – “z” bandlarida ko’rsatilgan davrlar bir vaqtning o’zida bir davrga to’g’ri kelsa, u holda pensiyani hisoblab chiqish uchun ish stajiga pensiya tayinlash uchun murojaat qilganning xohishiga ko’ra faqat bir davr qo’shib hisoblanadi.

 

2. Stajga quyidagilar imtiyozli tarzda qo’shib hisoblanadi:

a) harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qo’shilmalaridagi xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda ishtirok etish – uch hissa barobarida;

b) Ulug’ Vatan urushi yillarida (1941 yil 22 iyundan 1945 yil 9 mayga qadar) mamlakat ichkarisida ishlash, shu jumladan harbiy qismlardagi erkin yollanganlar tarkibidagi ish va ushbu moddaning “a” bandida nazarda tutilgan xizmatdan tashqari harbiy xizmat – ikki hissa barobarida;

v) ushbu Qonun 10-moddasining “a” va “b” bandlariga hamda 11-moddasining “a” bandiga muvofiq imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan-erkaklarda 10 yildan ortiq va ayollarda 7 yilu 6 oydan ortiq ishlangan har bir to’liq yil – ikki hissa barobarida;

g) moxovxonalarda, vaboga qarshi muassasalarda, immunodeftsit virusi bilan kasallangan shaxslar davolanadigan yuqumli kasalliklar muassasalarida ishlash – ikki hissa barobarida;

d) patologoanatomiya muassasalari va sud-tibbiy ekspertiza muassasalarining tibbiy xodimlaridan ayrim toifalarining ishi – bir yarim hissa barobarida;

e) asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, asossiz ravishda qatag’on qilingan va keyinchalik oqlangan fuqarolarning qamoqda bo’lish va hibsda saqlash joylarida turgan vaqti – bir yarim hissa barobarida.

Ushbu bandda nazarda tutilgan ish stajini imtiyozli hisoblash tartibi Qonun bo’yicha tayinlanadigan pensiyalarning barcha turlari uchun qo’llanadi.

Pensiyaga bo’lgan huquqni belgilashda pensiya olish huquqini beradigan ish staji “a” – “e” bandlarida belgilangan qoidalar qo’llanmasdan aniqlanadi.

Uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlarga pensiyalar tayinlash uchun belgilangan xizmat muddatlarini hisoblab chiqish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vaziralr Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to’lash tartibi to’g’risida Nizomning 4-ilovasida keltirilgan.

3. Agar dehqon xo’jaligi a’zosi, qoramol etishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon xo’jaliklarida etishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish bilan band bo’lgan shaxs yoki sovxoz xodimi ushbu yilda 12 oy ishlagan va kamida 9 oy mobaynida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lagan bo’lsa, dehqon xo’jaligi a’zosining, shuningdek sovxoz xodimining ish stajiga bir kalendar yil qo’shib hisoblanadi.

4. Mehnat daftarchasi ish stajini tasdiqlaydigan asosiy hujjat hisoblanadi. Mehnat daftarchasi mavjud bo’lmaganda, shuningdek mehnat daftarchasida zarur yozuvlar bo’lmagan yoki mehnat faoliyati davrlari to’g’risida noto’g’ri va noaniq yozuvlar mavjud bo’lgan hollarda, ish stajini tasdiqlash uchun (ish bilan band shaxsning ish stajidan tashqari) ma’lumotnomalar, buyruqlardan ko’chirmalar, shaxsiy hisobvaraqlari va ish haqi berish uchun vedomostlar, mehnat shartnomalari (kontraktlar), arxiv ma’lumotnomalari va mehnat faoliyati davrlari to’g’risidagi ma’lumotlar mavjud bo’lgan boshqa hujjatlar qabul qilinadi.

Bunda ma’lumotnomada ishga qabul qilish to’g’risidagi, ish (lavozim) bo’yicha o’zgarishlar to’g’risidagi va asoslari ko’rsatilgan holda mehnat shartnomasining to’xtatilishi to’g’risidagi ma’lumotlar ko’rsatilishi kerak. Ma’lumotnoma tashkilot yoki arxiv rahbari, shuningdek ma’lumotnomani tayyorlagan xodim tomonidan imzolanadi va ma’lumotnomani bergan tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlanadi

Ish staji ish, xizmat, o’qish yoki ish stajiga hisoblanadigan boshqa faoliyat amalga oshirilishi joyidan, shuningdek arxiv muassasalaridan beriladigan hujjatlar bo’yicha belgilanadi.

Ish staji to’g’risidagi hujjatlar harbiy harakatlar, tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida to’liq saqlanmagan yoki qisman saqlangan hollarda ish stajini tasdiqlash O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar, tumanlar (shaharlar)ning mahalliy davlat hokimiyati organlari (hokimliklar) tomonidan tashkil etiladigan ish stajini aniqlash bo’yicha maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Qisman saqlanib qolgan hujjatlar va guvohlarning ko’rsatmalari asosida ko’rsatib o’tilgan komissiyalar tomonidan belgilangan mehnat faoliyati davrlari ish stajiga, shuningdek hujjatlar bilan tasdiqlangan ish vaqti sifatida imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga kiritiladi.

Ish staji to’g’risidagi taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligi va ishonchliligini aniqlash maqsadida Pensiya jamg’armasi bo’limi:

ish stajini tasdiqlash uchun taqdim etilgan hujjatlarning mazmunini va zarur tarzda rasmiylashtirilganligini baholaydi hamda zarurat bo’lganda ular berilishining asoslanganligini tekshirish to’g’risida qaror qabul qiladi;

zarur hollarda mehnat faoliyatining ayrim davrlarini ish staji davriga hisobga olish yoki hisobdan chiqarib tashlash to’g’risida qaror chiqaradi.

Tez-tez beriladigan savollar