Imtiyozli pensiya

Imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiyaga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 12 maydagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning 1, 2 va 3-son ro’yxatlariga asosan tog’-kon sanoati, o’ta zararli va o’ta og’ir, zararli va og’ir ishlarda band bo’lgan alohida toifadagi fuqarolar egadirlar.

Imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiyaga chiqish huquqi quyidagi asosiy shartlar bajarilganda mavjud bo’ladi:

a) Qonunda belgilangan zarur staji bo’lganda,

b) aniq bir shartlar mavjud bo’lganda,

v) ro’yxatlarda mavjud kasblar, lavozimlar va ishlab chiqarishlar mavjud bo’lganda.

Ushbu shartlarni alohida ko’rib chiqaylik:

a) Masalan, O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi Qonunining 10 moddasi “b” bandiga asosan bevosita er osti va ochiq kon ishlarida (shu jumladan, kon-qutqaruv qismlarining shaxsiy tarkibi) ko’mir, ma’danlar va boshqa foydali qazilmalarni qazib olishda, shaxtalar va konlar qurilishida to’liq ish kuni davomida band bo’lgan xodimlar basharti, ular ana shu ishlarda kamida 25 yil (1-sonli Ro’yxat, II qism) ishlagan bo’lsalar, yoshidan qat’iy nazar imtiyozli pensiya olish huquqiga ega bo’ladilar.

To’liq ish kuni davomida bandlik deganda Ro’yxatlarda ko’zda tutilgan ishlarni tegishli ishlab chiqarish tarmoqlarida, ish vaqti attesttsiyasiga mos keluvchi shartlarda, qonunchilik bilan belgilangan ish vaqtining kamida 80% bilan band bo’lish tushuniladi.

b) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 12 maydagi 250-son qarorining 2-bandiga asosan 2-ro’yxatning 1-qismi va 3-ro’yxatning
1-qismi ish o’rnini mehnat sharoitlari bo’yicha attesttsiyadan o’tkazishni hisobga olgan holda, O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sog’liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda tatbiq etiladi.

O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan mehnat sharoitlari bo’yicha ish sharoitlarini baholash va ish o’rinlarini attesttsiyadan o’tkazish metodikasiga asosan (ro’y. raqami 247, 28 may 1996 yil) attesttsiya ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko’rsatkichlarni imtiyozli pensiya ta’minotiga huquq beruvchi 1, 2 va 3-ro’yxatlarga tegishliligini asoslaydi.

Attesttsiyani o’tkazish davomiyligi korxona tomonidan belgilanadi, ammo 5 yildan kam bo’lmagan muddatda. Attesttsiyaning o’z vaqtida va sifatli o’tkazilishi bo’yicha javobgarlik korxona, tashkilot rahbari (mulk egasi)ga yuklatiladi.

Mehnat sharoitlari bo’yicha imtiyozli pensiya ta’minotiga huquq metodikaga
3-jadval bo’yicha aniqlanadi:

 

Ish o’rinlari attesttsiyasini o’tkazishni hisobga olgan holda 1, 2 va 3-sonli ro’yxatlar

Ro’yxatlar

Mehnat sharoitlari sinfi

1. YOshidan qat’i nazar pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning 1-sonli ro’yxati

4

2. Umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko’rsatkichlarning 2-sonli ro’yxati

3.4

3. Umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, vazifalar va ko’rsatkichlarning
3-sonli ro’yxati

3.3

 

 

Mehnat sharoitlarining yaxshilanishi natijasida mehnat sharoitlari sinfi bahosi kamayishi kuzatiladi.           

Masalan, agar 3-sonli Ro’yxat I qism “XIII. Buog’ilash, neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash, ko’mir va slantsni qayta ishlash” bo’limining “Burg’ilash” 1-bandi neft va gaz skvajinalarini ekspluattsion va razvedkali burg’ilashning burg’ilovchilari mehnat sharoitlari bo’yicha ish o’rinlari attesttsiya natijalariga ko’ra mehnat sharoitlari sinfi bahosi 3.2 belgilangan bo’lsa, burg’ilovchilarning mazkur kasbi bo’yicha ishchilar umumiy belgilangan pensiya yoshini 5 yilga qisqartirgan holda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqiga ega emaslar.

v) Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab  chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko’rsatkichlar ro’yxatlarini qo’llash tartibi to’g’risida yo’riqnomaga (ro’y. raqami 2337, 12 mart 2012 yil) asosan 1-son Ro’yxatning I va II-qismlari, 2-son Ro’yxatning I-qismi va 3-son Ro’yxatning I-qismida ishlab chiqarishlar ro’yxati ko’zda tutilgan. Mazkur holatda ishlab chiqarish deganda, Ro’yxatlarda ko’zda tutilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish tushunilib, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan tashkilot to’laligicha yoki uning bir qismi (sex, uchastka, bo’lim) (keyingi o’rinlarda - tashkilot deb yuritiladi) shug’ullanishi ahamiyat kasb etmaydi. Ro’yxatlarda keltirilgan kasb (lavozim) bo’yicha imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiyalarni faqatgina tegishli ishlab chiqarish mavjud bo’lgandagina tayinlash mumkin. U mavjud bo’lmaganda imtiyozli shartlarda pensiyalar tayinlanmaydi (masalan: 2-son Ro’yxatning I-qismi «Metallni qayta ishlash» XI-bo’limining «Temirchilik-pressli ishlab chiqarish» 2-bandida «qo’l mehnatiga asoslangan temirchilar» mavjud. Temirchilik-pressli ishlab chiqarish sexi (uchastka yoki bo’lim) mavjud bo’lmagan tashkilotlarda ishlovchi temirchi imtiyozli pensiya ta’minoti huquqiga ega emas).

Ishchilarga berilgan kasblar nomi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga mos bo’lmagan holda o’rnatilgan holatlarda (ya’ni kasblarning mahalliy nomlanishi qo’llanilganda), Ro’yxatlarda ko’zda tutilgan kasblar nomlanishiga mosligi tarmoq vazirlik va muassasalar tomonidan ishlar xarakteristikasi to’g’risidagi hujjatlarning asl nusxasi asosida belgilanadi.

Tarmoq vazirligi (muassasa)ning kasblar mosligini belgilash to’g’risidagi xulosasi O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi (tegishli xulosa qabul qilish uchun asos bo’lgan barcha materiallarni ilova qilgan holda).

Rahbarlar va mutaxassislarning lavozimlari mosligi belgilanmaydi.

Tez-tez beriladigan savollar